Kimyo majmuasi xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligini tartibga solish mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi
26.05.2022 | scis.uz

Ekologik, texnologik va atom nazorat bo‘yicha federal xizmat (Rostexnadzor) Sanoat xavfsizligi bo‘yicha davlatlararo kengashga a'zo mamlakatlarning sanoat xavfsizligi sohasidagi nazorat organlari vakillari ishtirokida videoanjuman shaklida xalqaro seminar o‘tkazdi. Unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozoqiston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston va O‘zbekistonning Kimyo majmuasi xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligini nazorat qilish sohasi mutaxassislari tajriba almashish uchun uchrashdilar.

Xalqaro seminar ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi sessiya kimyo majmuasi korxonalarida sanoat xavfsizligini tartibga solishning huquqiy asoslari, xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida nazorat faoliyatini tashkil qilish va amalga oshirish xususiyatlari muhokamasiga bag‘ishlandi. A'zo davlatlar vakillari o‘z mamlakatlarida bu borada ishlarning tashkil qilinishi to‘g‘risida ma'ruza va taqdimotlar qildilar. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining  Kimyo, neft'-kimyo va metallurgiya sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i Yusupov Xikmatilla o‘z ma'ruzasi avvalida tashkilotchilarga ushbu seminarda qatnashish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirib, onlayn uchrashuvning sanoat avariyalarini prognozlashning yangi ilmiy-texnik hamda metodologik usullari, bu borada kengashga a'zo mamlakatlarning tajribasi bilan tanishishda muhim ahamiyatini ta'kidladi. Inspeksiya boshlig‘i O‘zbekistonda xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarining sanoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari,  sanoat xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida  Qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Shu bilan birga  “O‘zkimyosanoat» AJ Sanoat xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, mehnatni muhofaza qilish hamda ekologiya bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Nazarov “O‘zkimyosanoat» korxonalarining xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligi holati to‘g‘risida gapirib berdi. Ma'ruzachi O‘zbekiston Respublikasining kimyo sanoati asosiy iqtisodiyot tarmoqlaridan biri ekanini,  tarmoq korxonalarida azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar, polivinilxlorid, metanol, kaustik soda va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilayotganini qayd etib o‘tdi.

“O‘zkimyosanoat» AJ tarkibiga 170  turdan ziyod mahsulot ishlab chiqaruvchi 8 ta sanoat korxonasi hamda 6 ta xizmat ko‘rsatuvchi korxona kiradi. Bugungi kunda sohada 30 mingdan ziyod odam mehnat qilmoqda.

Aksiyadorlik jamiyatining sanoat xavfsizligi sohasidagi faoliyati kimyo korxonalari ob'ektlarida noxush hodisalar va avariyalar oldini olish choralari ustuvorligiga rioya qilish, shuningdek, bu hodisalar oqibatlarini bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgani va, bu orqali xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarini ekspluatasiya qilishda barcha sanoat xavfsizligi talablari bajarilishiga intilish amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Shuhrat Nazarov o‘z so‘zida sanoat xavfsizligi sohasidagi siyosat, bu faoliyatning asosiy maqsadi, “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” AJ lari misolida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar, javobgarlik masalalari, hamkorlik istiqbollariga  to‘xtaldi. 

Seminarning ikkinchi qismi kimyo majmualari xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligi ta'minlanishining zamonaviy texnologiyalariga bag‘ishlandi. Rossiyalik mutaxassislar sanoat xavfsizligini ta'minlashda dispetcherlik markazlarini rivojlantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir so‘nggida savol-javob va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.