Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!
31.08.2022 | scis.uz

O‘zbekiston bundan 31 yil avval o‘z taqdirini o‘zi mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ldi. O‘tgan bu davr mobaynida mamlakatimizda beqiyos o‘zgarishlar ro‘y berdi. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar natijasida turli sohalarda erishilayotgan yuksak marralar ozod va obod yurtimizning nufuzini oshirmoqda. Bunyodkor xalqimiz o‘z rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlab, orzu-maqsadlariga yetmoqda. Emin-erkin mehnat qilib, tinch-osoyishta turmush kechiryapti.

So‘nggi  yillarda xalqimizga xos  bag‘rikenglik, mehnatsevarlik, millatlararo totuvlik, va ayniqsa inson qadrini hurmat qilishga asoslanayotgan o‘zgarishlar o‘z samarasini bermoqda. Bunga mamlakatimiz yoshlarining ilm-fan, madaniyat, sport sohasida jahon miqyosida erishayotgan natijalari dalildir.

 Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida Mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida o‘tkazilgan yig‘ilishda qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov yuqoridagilarni ta'kidlab, qo‘mitaning respublikada sanoat va radiasiya xavfsizligi ta'minlanishidagi muhim o‘rnini qayd etib o‘tdi. Shunday, katta bayram oldidan qo‘mita xodimlari turdosh sohalardagi hamkasblari bilan birgalikda bayram o‘tkaziladigan saylgohlar, tegishli ob'ektlarda xavfsizlik ta'minlanishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazdilar. Qo‘mita rahbari tomonidan inspeksiyalar boshliqlariga nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarni  xavfsizlik talablariga rioya etilishi to‘g‘risida ogohlantirish topshirig‘i berildi.

Tadbir yakunida Baxtiyor Gulyamov qo‘mitaning ko‘p sonli jamoasini O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi bilan tabriklab, xodimlarga va ularning oilalari a'zolariga salomatlik, farovonlik, mustaqil yurtimizning tinchligi, iqtisodiy barqarorligi va ravnaqi yo‘lida olib borayotgan mas'uliyatli faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.