MAGATE Toshkentda seminar-praktikum o‘tkazmoqda
13.06.2022 | scis.uz

Toshkentda Sobiq uran inshootlarida yer usti, yer osti va filtrlash suv tarmoqlari monitoringini yaratish bo‘yicha seminar-praktikum o‘z ishini boshladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Yadro fizikasi instituti, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakillari, Qirg‘iziston va Tojikistonlik mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlardan tarkib topgan Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) delegasiyasi ishtirok etmoqda.

Seminar-praktikumni o‘tkazishdan maqsad Sobiq uran ob'ektlarining qayta tiklash ishlarida monitoring tizimini  qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish, yer usti va yer osti suvlaridan namunalar olish va ularni tahlil qilishning zamonaviy texnologiyalarini namoyish qilish, radiasiyaviy monitoringni kuchaytirish, xavfsizlikni ta'minlashda suv sifatini boshqarish, bu borada mavjud ilg‘or amaliyotlar bilan tanishish va tajriba almashishdan iboratdir.

Tadbir davomida xorijiy ekspertlarning seminar mavzusi bo‘yicha taqdimot va ma'ruzalar qilishlari, Toshkent viloyatining Yangiobod shahridagi sobiq uran ob'ektlariga chiqib, joyida dala ishlarini bajarish - suvlardan namunalar olish hamda ularni tahlil qilish, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.