Attraksionlardan xavfsiz foydalanishni ta'minlash mavzusida brifing o‘tkazildi
15.06.2022 | scis.uz

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida  Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan respublikamizdagi istirohat bog‘larida o‘rnatilgan attraksionlarning bugungi holati, yaroqsiz attraksionlarni foydalanishdan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatasiya qilish borasidagi normativ-huquqiy bazaning holati sharhiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Unda 2022 yilning II choragi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari departamentining tegishli topshirig‘iga binoan  Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mavjud attraksionlarni davlat nazoratidan o‘tkazish uchun hududlar kesimida mahalliy hokimiyatlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Energetika vazirligi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 100 dan ortiq vakillardan iborat jami 16 ta ishchi guruh tuzilgani;

ishchi guruhlar tomonidan respublikadagi mavjud 143 ta madaniyat va istirohat bog‘laridagi 1879 ta har xil turdagi attraksionlar (kichik attraksionlar ham) qayta o‘rganib chiqilgani ma'lum qilindi.

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha

Ushbu  attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bog‘lari tasarrufida bo‘lsa, qolganlari xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lib shartnoma asosida foydalanilishi aniqlangan.

Shuningdek, 574 ta texnik nosoz deb topilgan attraksionlar faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, kamchilik aniqlangan attraksionlarni foydalanmaslik sharti hamda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha mahalliy davlat organlariga axborotnomalar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga 116 ta taqdimnoma berildi.

O‘rganishlar jarayonida har bir madaniyat va istirohat bog‘ida yong‘in-qutqaruv, tez tibbiy yordam va boshqa maxsus texnikaning moneliksiz harakatlanishi uchun sharoit yaratish, favqulodda vaziyatlarda fuqarolarni evakuasiya qilish yo‘llarini tashkil etish va ularning doimiy ochiq holda bo‘lishini ta'minlash choralari ko‘rildi.

Attraksionlar operatorlari va mexaniklar tomonidan o‘z vazifalarining yo‘riqnomalarda belgilangan tartibda amalga oshirishlari, fuqarolar tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi qat'iy nazoratga olindi.

Hozirgi vaqtda madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda, shu jumladan aholi yashash joylari hamda ko‘p qavatli uylar oldidagi ochiq maydonlarda turli attraksion (batut)lardan foydalanish keskin ortgani inobatga olinib, attraksionlardan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlash choralari yanada kuchaytirildi.

Hududlarda joylashgan madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan qo‘lbola, nosoz va ishlatishga yaroqsiz holatda deb topilgan attraksionlardan foydalanishni cheklash choralari ko‘rildi.

Brifingda shuningdek Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga madaniyat va istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatasiya qilish borasidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini tekshirish vakolatining berilishi yuzasidan quyidigilar ma'lum qilindi.

Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub'ektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasining tegishli qismlariga “Istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanish borasidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish” bo‘yicha Qo‘mita tomonidan amalga oshiriladigan nazorat funksiyalari va ularning muddati bo‘yicha tegishli takliflar berildi.

Shu bilan birga,

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib, “project.gov.uz” tizimi orqali manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan va Adliya vazirligidan  huquqiy ekspertiza natijalari bo‘yicha ijobiy xulosa olingan va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Shuningdek, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining “Attraksionlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi idoraviy normativ-huquqiy hujjat sifatida ishlab chiqilgan.

Mazkur loyiha “project.gov.uz” tizimi orqali vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun yuborilgan.

Hozirda “Attraksionlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi vazirlik va idoralar tomonidan bildirilgan taklif va e'tirozlarni inobatga olgan holda Adliya vazirligiga kiritish uchun qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining

2022 yil 16 martdagi qarori bilan “Attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish qoidalari” qabul qilindi.