Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida Konstitusiyaviy islohotlar yuzasidan muhokama o‘tkazildi
27.06.2022 | scis.uz

Jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, ko‘plab davlatlarda tub o‘zgarishlar davrida konstitusiyaviy islohotlar amalga oshirilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta'minlash kabi maqsadlar yangi konstitusiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.

Bugun Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilish ham ayni shu masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi.

ZOOM platformasida onlayn tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbirda davlat qo‘mitasi rahbariyati, tarkibiy tuzilmalar rahbarlari va xodimlar, shuningdek, Oliy Majlis qonunchilik palatasi devonining yuridik boshqarmasi mas'ul xodimi yuridik fanlar doktori, professor Jo‘raev Yo‘ldosh Ochilovich, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi boshlig‘i  Ismailov Bahodir Islamovichlar ishtirok etdilar.

Davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Gulyamov muhokama tadbirini ochib, Konstitusiya istiqlol yillarida erishilgan barcha yutuq va marralar uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilganini ta'kidladi. Shu bilan birga biz yashayotgan zamon talablari, xalq ehtiyojlari va amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda, u doimo takomillashib borayotgani qayd etildi.

So‘zga chiqqan tadbir mehmonlari davlatimizning Bosh qomusiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini tushuntirdilar. Xodimlarning savollariga javob berdilar. Qizg‘in muhokamalar natijasida  har qanday demokratik islohotlar mustahkam konstitusiyaviy-huquqiy asosga tayansagina ortga qaytmasligi, barqaror va samarali bo‘lishi to‘g‘risida yakdillikka kelindi.