Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan uran qazib olishda radiasiyaviy xavfsizlikni ta'minlash mavzusida o‘quv tadbiri o‘tkazildi
28.06.2022 | scis.uz

Xalqaro atom energiyasi agentligi  (MAGATE) tomonidan Chexiya Respublikasining Straj pod Ralskem shahrida London Jahon yadro universiteti homiyligidagi Uran ishlab chiqarish maktabining Xalqaro o‘quv markazida “Uran qazib olishda radiasiyaviy xavfsizlikni ta'minlash, atrof-muhitni qayta tiklash hamda ekologik reabilitasiya” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi.

Unda Argentina, Iroq, Iordaniya, Malayziya, Peru, Pokiston, Tailand, Turkiya, Filippin va O‘zbekistondan radiasiya xavfsizligi sohasining yosh mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘quv tadbiri uran ishlab chiqarish sikli loyihalarini barqaror rivojlantirish va tabiiy ravishda uchraydigan radioaktiv moddalar qoldiqlarini boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish, a'zo davlatlarni MAGATEning tegishli xavfsizlik standartlarini joriy etishda qo‘llab-quvvatlash va tegishli tartibga solish nazoratini amalga oshirish borasidagi bilimlarni oshirishga yo‘naltirildi.

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazgan ekspertlar va mutaxassislar ishtirokchilarga uran qazib olishning butun sikli – qidirishdan tortib o‘zlashtirish, ishlab chiqarish, chiqindilarni boshqarish, ob'ektni  foydalanishdan chiqarish, uni rekul'tivasiya qilish va  qayta tiklashgacha bo‘lgan davrni har tomonlama ko‘rib chiqish ko‘plab muammo va xavflar, shuningdek, ular bilan bog‘liq xarajatlarning oldini olishi yoki kamaytirishi garovi ekanini tushuntirdilar.

O‘quv kursi tashkil etilgan "DIAMO" davlat korxonasi Chexiyada uran va ruda qazib olingandan keyin ushbu  faoliyat oqibatlarini yumshatish, atrof-muhit sifatini bosqichma-bosqich yaxshilash va ekologik yuklamani bartaraf etish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot bo‘lib, uning faoliyati 1989 yildan beri davom etib kelmoqda.

Ishtirokchilar bevosita korxona faoliyati bilan tanishdilar, uran ishlab chiqarish, atrof-muhit monitoringini samarali tashkil qilish, tezkor radiasiyaviy himoyani tartibga solish, xavflarni baholash kabi mavzularda ma'ruza va taqdimotlar tingladilar.

O‘quv kursi yakunida uning qatnashchilari, shu jumladan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimi Otabek Eshmuradovga  mazkur o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgani to‘g‘risida  sertifikatlar topshirildi.