Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Hay'at majlisi o‘tkazildi
12.09.2022 | scis.uz

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida 2022 yil mart–avgust oylari davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning kelib chiqish sabablari tahliliga bag‘ishlangan hay'at majlisi o‘tkazildi.

Unda Navoiy KMK AJning Mehnatni muhofazasi qilish bo‘yicha direktori A.Tursunovning ma'ruzasi tinglandi. Joriy yilning mart–avgust oylari mobaynida “Navoiy KMK” AJ xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar kombinatning injener-texnik va rahbar xodimlari tomonidan kon ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari va qoidalariga rioya etilishi, ishlarni tashkillashtirish va to‘g‘ri olib borish ustidan nazoratning susayishi natijasida ro‘y bergan.

Yig‘ilishda har bir baxtsiz hodisa, ularning sabablari va oqibatlari tekshirish natijalari asosida atroflicha  ko‘rib chiqildi.

Hay'at majlisi “Navoiy KMK” AJning sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va xavfsizlik qoidalari talablari bajarilishini ta'minlash va nazorat qilish uchun mas'ul rahbar va muhandis texnik xodimlarini o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka tortish, xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida ishlab chiqarish nazoratini kuchaytirish hamda “Navoiy KMK” AJning Doimiy harakatdagi komissiyasini Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Markaziy attestasiya komissiyasida sanoat xavfsizligi hamda yer qa'ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida attestasiyadan o‘tkazish yuzasidan qaror qabul qildi.