Tartibga soluvchi organda integratsiyalashgan boshqaruv tizimini o‘rnatishga bag‘ishlangan milliy seminar o‘tkazildi
16.09.2022 | scis.uz

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda Tartibga soluvchi organda integratsiyalashgan boshqaruv tizimini o‘rnatishga bag‘ishlangan milliy seminar tashkil etildi.

Tartibga soluvchi organda integratsiyalashgan boshqaruv tizimi, shuningdek, yetakchilik va menejmentni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha xalqaro ekspertlar tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda Fanlar akademiyasidan mutaxassislar qatnashdilar.

Tadbir davomida MAGATE, Turkiya va Sloveniyadan yetakchi ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi.

MAGATE yadroviy qurilmalarning xavfsiz, ishonchli va tejamkor ishlashini ta'minlash uchun a'zo davlatlarni boshqaruv tizimlarini yaratish, joriy etish va takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab tadbirlarni amalga oshiradi. Bularga radioaktiv manbalar bilan xavfsiz ishlash va radiasiyaviy xavfsizlik sohasidagi texnik xizmatlar kiradi. MAGATE yordami seminarlar, treninglar, elektron ta'lim va ekspert missiyalarini o‘z ichiga oladi. Yangi atom energetikasi dasturlarini ishlab chiqish yoki mavjud dasturlarni kengaytirishga kirishayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratiladi.

Tashkilotni boshqarish tizimi tashkilotni boshqarishning barcha elementlarini, shu jumladan xavfsizlik, sifat, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy himoya, mehnat xavfsizligi va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ijtimoiy, tashkiliy va insoniy elementlarni ustuvorlik pozisiyasidan ta'minlash elementlarini birlashtirishi kerak. Tashkilotning boshqa barcha ehtiyojlaridan ko‘ra atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda xavfsizlikni ta'minlash o‘ta muhim.

Tartibga soluvchi organ o‘zining asosiy faoliyatini amalga oshirishda quyidagi tamoyillarni amalga oshiradi:

- yadroviy, radiasiyaviy, texnik, sanoat xavfsizligi, jismoniy himoya va mehnatni muhofaza qilishni ta'minlash;

- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi norma va qoidalar talablariga so‘zsiz rioya qilish;

- yetakchilar tomonidan xavfsizlikka raioya etish tamoyillarini namoyish etish;

- xavfsizlik madaniyatini oshirish.

Integratsiyalashgan boshqaruv tizimini doimiy takomillashtirish va buning natijasida tartibga soluvchi organ faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash kundalik faoliyatni bosqichma-bosqich takomillashtirish, shuningdek, sezilarli o‘zgarishlarga olib keladigan keng ko‘lamli takomillashtirish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Boshqarmalar va bo‘limlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish, vazifa va majburiyatlarni aniq belgilagan holda xavfsizlik va sifatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga barcha xodimlarni jalb qilish, xavfsizlik madaniyatini oshirish integratsiyalashgan boshqaruv tizimi jarayonlari ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va takomillashtirish integratsiyalashgan boshqaruv tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Seminar yakunlariga ko‘ra mamlakatda tartibga soluvchi organ faoliyatini rivojlantirish, ushbu sohada xalqaro va MAGATE yutuqlarini o‘rganish va tahlil qilish, ulardan O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarida foydalanish kutilmoqda.