Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari belgilandi
13.12.2018 | kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa'rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning mintaqaviy inspeksiyalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.

Quyidagilar Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • atom energetikasi va yadro texnologiyalari obektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, xavfli ishlab chiqarish obektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha ishni muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa'ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi qonun hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash borasida respublikada yoqilg‘i-energetika kompleksi va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha strategik reja va dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • atom energiyasidan foydalanish sohasida litsenziyalash, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat nazorati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq obektlar xavfsizligini ekspertiza qilishni tashkil etish;
  • sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa'ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlarini ekspluatatsiya qilish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish;
  • xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, soha faoliyatiga taalluqli bo‘lgan xalqaro shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta'minlash;
  • texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, yer qa'ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi sohalarida faoliyatni amalga oshiruvchi mutaxassislarning malakasini oshirish.