O‘zbekistondagi attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilgan
20.08.2019 | kun.uz

20 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda istirohat bog‘laridagi attraksionlarning holati, xavfsizligi masalalari o‘zaro muhokama etildi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Bahtiyor G‘ulomov attraksionlarning texnik holati qay tartibda nazorat qilinishi, mavjud vaziyat haqida ma'lumot taqdim etdi.

«Shu paytgacha attraksionlarni sertifikatsiyadan o‘tkazish ixtiyoriy bo‘lib kelgan. Yangi o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, bu jarayon majburiy tarzda amalga oshiriladi. Attraksionlarning texnik holati har mavsum boshida, ya'ni yilda bir marta dinamik va statik sinovdan o‘tkaziladi. 100 nafardan iborat 16ta ishchi guruh tomonidan respublika bo‘yicha attraksionlardagi vaziyat o‘rganilgandi. Aytish mumkinki, respublikadagi birorta istirohat bog‘i haqida ijobiy xulosa berib bo‘lmaydi. Attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilgan va muddatini o‘tab bo‘lgan. Tekshiruvlarga ko‘ra, attraksionlarning 943tasida navbatdagi statik va dinamik sinovidan o‘tkazilgani haqida dalolatnomalar tuzilmagan. 634ta attraksionda esa maxsus korxona tomonidan po‘lat qismlarining texnik holati bo‘yicha xulosalari yo‘q», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

G‘ulomovning aytishicha, O‘zbekistonga attraksion qismlari asosan Xitoydan keltiriladi. Qonuniy tarzda faoliyat yuritadigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud emas.