Energetika vaziri MAGATE delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi
06.02.2019 | scis.uz

Toshkentda 2019 yil 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri A.S.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi v.b. B.V.Gulyamov, “O‘zatom” agentligi va Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) delegatsiyasi O‘zbekistonga “O‘zatom” agentligi va mamlakatning birinchi atom elektr stansiyasi qurilishiga aloqador boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazish doirasida tashrif buyurgan.

Atom energetikasi sohasining yaratilishi nafaqat energetika, balki fan, kadrlar tayyorlash kabi sohalarning jadal rivojlanishiga sabab bo‘ladi.  Mamlakatning qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, qurilish sohalaridagi imkoniyati bir necha barobar ortadi. Xalqaro tajriba shundan dalolat beradiki, ushbu sohani rivojlantirish mamlakatda ko‘plab sohalar ravnaqiga keng yo‘l ochadi.

Uchrashuvda mamlakat tomonidan kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilayotgani ham ta’kidlab o‘tildi. Hozirgi paytda o‘zbekistonlik 58 talaba “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetida ta’lim olmoqda. Ayni chog‘da Toshkentda mazkur universitetning filialini tashkil qilish ishlari olib borilmoqda va bu yerda O‘zbekiston yadro energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi.

AESni barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar doirasida MAGATE bilan hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro agentlikning ushbu seminari ham shundan dalolat beradi.