Vengriyaning Budapesht shahrida “Og‘ir avariyalarni boshqarish va atom elektr stansiyasi maydonchasidan tashqaridagi avariya oqibatlarini tahlil qilish” mavzusida mintaqaviy seminar o‘tkazilmoqda. Tadbir Vengriya atom energiyasi boshqarmasi tomonidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) hamkorligida tashkillashtirildi.
Seminarda Armaniston, Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Chernogoriya, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon, Pol'sha, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Belorussiya, Chexiya, Bosniya-Gersogovina, Xorvatiya, Estoniya va O‘zbekiston Respublikasidan vakillar, shuningdek taklif etilgan xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Ushbu mintaqaviy o‘quv seminarining maqsadi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi XAEAga a'zo davlatlar qatnashchilariga insonlar va atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning zararli ta'siridan himoya qilish nuqtai nazaridan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan og‘ir avariyalarni boshqarish va AES maydonchasidan tashqaridagi ta'sirni tahlil qilish sohasida salohiyatni oshirishda yordam berish hamda sohadagi mavjud amaliyot va XAEA xavfsizlik standartlarida belgilangan tavsiyalar bilan tanishtirish, xalqaro tajriba va saboqlarini taqdim etishdan iborat.
Mintaqaviy seminar dasturidan yadro texnologiyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, yadroviy ob'ektlarda og‘ir avariyalar va ular oqibatida atrof-muhitga tashlanishi mumkin bo‘lgan radioaktivlik bilan ifloslanishni ehtimoliy tahlil qilishga doir ma'ruza va taqdimotlar o‘rin olgan.