Asosiy maqsad – avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish
13.10.2022 | scis.uz

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida  portlovchi materiallarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, qo‘llash va realizasiya qilish borasida amaldagi qonunchilik va sohaga oid me'yoriy-texnik qoidalar talablariga rioya etilmaslik oqibatida  sodir bo‘layotgan avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda sanoatda portlatish ishlarini olib boruvchi korxona vakillari, qo‘mita mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig‘ilish raisi Ko‘mir, kon-ruda va noruda sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i Hikmatulla Maysupov portlovchi moddalarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, qo‘llash va realizasiyasi bo‘yicha korxonalarning lisenzion faoliyatida amal qilishi zarur bo‘lgan xavfsizlik talablari va bunda  qoida buzilish holatlarini bartaraf etish choralari to‘g‘risida gapirdi.

“Portlatish ishlari bilan shug‘ullanayotgan korxonalarda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat profilaktika tadbirlarida, rasmiy xabardor etish tartibidagi o‘tkazilayotgan tekshirishlar davomida davlat inspektorlari tomonidan aniqlanayotgan kamchilik va qoida buzilishlari holatlarini bartaraf etish ishlari yetarli darajada tashkillashtirilmayotgani, ba'zi holatlarda sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning bilimi pastligi, sohaga oid qonun hujjatlariga e'tibor bermaslik, me'yoriy-texnik hujjatlar talabiga to‘liq rioya etmaslik natijasida baxtsiz hodisalar sodir bo‘lmoqda” – dedi inspeksiya boshlig‘i.

Portlatish  ishlarining sifatli bajarilishi ularning burg‘ilangan quduqlarda (skvajina, shpur) bajarilishi, burg‘ilash ishlari parametrlari (chuqurligi, oraliq va qator orasi o‘lchamlari)ga rioya qilish hamda bularning yagona korxona tomonidan amalga oshirilishiga ko‘pdan bog‘liq.

Holbuki, burg‘ilash ishlarining o‘zi xavfli ishlab chiqarish jarayoni sirasiga kiritiladi, sababi burg‘ilash texnikalari va ularning yordamchi mexanizmlari xavfli ishlab chiqarish ob'ektlari hisoblanib,  bu ishlarni olib borayotgan korxonalarda sanoat xavfsizligini ta'minlashga e'tibor berilishi shart.

Shuningdek, so‘zga chiqqan Ko‘mir, kon-ruda va noruda sohalarida sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Otabek  Yangiev respublikada portlatish ishlarida lisenzion faoliyat yuritayotgan korxonalarda soha bo‘yicha amaldagi qonun va qonunosti hujjatlariga, portlatish ishlarida xavfsizlikning yagona qoidalari talablariga rioya etishda qoida buzilishlari bo‘yicha ma'lumotlarni  keltirdi.

Yig‘ilish yakunida mavzu yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.