“INNOVASIYA-2022” XXVI Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani о‘tkazilmoqda
26.10.2022 | scis.uz

26-27 oktyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Toshkent Davlat texnika universiteti Tarmoqlararo strategik innovasiyalar va axborotlashtirish markazi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamkorligida “Innovasiya-2022” XXVI Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilmoqda.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda MDH davlatlari – Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan, Bolgariya, V'etnamdan vakillar ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida Toshkent Davlat texnika universiteti prorektori, texnika fanlari doktori, professor S.Turobjonov, Tarmoqlararo strategik innovasiyalar va axborotlashtirish markazi direktori texnika fanlari doktori, professor A.Kodirov hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Tashkentbaev so‘zga chiqdilar.

Anjumanda turli seksiyalar bo‘yicha yoshlar va ta'lim muammolari, iqtisodiyot tarmoqlaridagi innovasion jarayonlar, tabiiy, mineral xom ashyo va issiqlik energetik zaxiralardan oqilona foydalanish uchun innovasion texnologiyalar va usullar, kon ishi va metallurgiya,  iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, sanoat xavfsizligi, ekologik muammolar va yechimlar kabi masalalar ko‘rilmoqda.

Ikki kun davom etadigan ushbu anjumanda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda bevosita ishlab chiqarishda band bo‘lgan mutaxassislarning ko‘tarilgan mavzular yuzasidan o‘zbek, rus va ingliz tilidagi ma'ruzalari va taqdimotlari tinglanadi. Ushbu chiqishlarda shaxsan mualliflar tomonidan olingan yangi natijalar va ularning amaliy ahamiyatiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad korxona va tashkilotlar xodimlarining hayoti va salomatligi, atrof-muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni oldini olishga erishish, hamda sohada yuzaga kelayotgan  muammoli masalarga innovasion yechimlar topish va tadbiq etishga qaratilgan.