MAGATE atrof-muhitning radiasiyaviy ifloslanishi monitoringini kuchaytirishga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar o‘tkazdi
08.07.2022 | scis.uz

Avstriyaning Vena shahrida MAGATE tomonidan “Rejalashtirilgan, favqulodda va mavjud holatlar uchun atrof-muhitni radiasiyaviy ifloslanishi monitoringini kuchaytirish” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi.

Seminarning maqsadi yadroviy va radiasiyaviy avariyalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda monitoring dasturini tayyorlash va unda harakat qilish sohasidagi mexanizmlar va vazifalar,  ushbu yo‘nalish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribalari bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur seminarda Albaniya, Armaniston, Ozarbajon, Belorusiya, Bosniya va Gersogovina, Bolgariya, Xorvatiya, Gruziya, Germaniya, Gresiya, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Chernogoriya, Makedoniya, Portugaliya, Moldova, Ruminiya, Rossiya Federatsiyasi, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlardan soha mutaxssislari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan o‘z davlatlarida mavjud monitoring dasturlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi favqulodda vaziyatlarda tashkil etiladigan monitoring tizimiga tayyorgarlik, radiasiyaviy va yadroviy avariyalar sodir bo‘lganda jamoatchilik bilan aloqa qilishga oid  ma'ruzalar qilindi. MAGATE vakillarining favqulodda vaziyatlarda axborot almashinuviga, favqulodda vaziyatlarda xalqaro yordam bilan bog‘liq mavzular bo‘yicha tayyorlangan taqdimotlari tinglandi. 

Seminar yakunida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda mavzularga oid muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminarda olingan bilimlar O‘zbekiston Respublikasi milliy atom energiyasi dasturini rivojlantirishda, respublikamiz hududida joylashgan sobiq uran konlarini rekultivasiya qilishda radiasiyaviy avariyalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va unda harakat qilishda,  atom energiyasidan foydalanish sohasida milliy kadrlar salohiyatini oshirishda foydali bo‘lishi shubhasiz.