O‘zbekiston bilan MAGATE tashkiloti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
03.07.2019 | scis.uz

O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zatom” agentligi Bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 1-2 iyul kunlari tashrif bilan Vena shahrida bo‘ldi. 

Mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi axborotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi safar doirasida Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh direktori o‘rinbosari – Kafolatlar departamenti direktori Massimo Aparo, Yadro energiyasi divizioni direktori Xan Doxi, Yadro infratuzilmasini rivojlantirish tarmog‘i boshlig‘i Milko Kovachev kabi qator vakolatli rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. 

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston bilan MAGATE tashkiloti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv ishtirokchilariga mamlakatimizda milliy yadro-energetika dasturini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ilk AES qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha ijrosi, kadrlar tayyorlash, shuningdek, me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlashdagi sa’y-harakatlar bo‘yicha axborot taqdim etildi. Mamlakatimizda AES qurilishi uchun maydon tanlashda olib borilgan muhandislik izlanishlari, atom energetikasi sohasida davlat boshqaruvini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qonunchilik asoslarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlardagi ishlarga yuqori baho berildi. 

Qayd etilganidek, ikki tomonlama muloqotni ta’minlash va axborot almashishdagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi tizimida MAGATE bilan hamkorlik masalalariga mas’ul diplomat lavozimi joriy etildi. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi shaklida qayta tashkil etilishi orqali davlatning radiatsion va yadro xavfsizligini muvofiqlashtiruvchi sifatidagi o‘rni mustahkamlandi. 

MAGATE rahbariyati bajarilgan ishlar samaradorligiga, shuningdek, 2019-2029 yillarda Atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi“ning qabul qilinganiga yuqori baho berdi. 

Muzokaralar yakunida milliy yadro-energetika dasturini takomillashtirish va yuqori kasbiy ko‘nikmaga ega kadrlar tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. MAGATEning 2019 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Bosh konferensiyasi doirasida xalqaro tadbir (side event) tashkil etishga kelishib olindi.