Geologiya-qidiruv ishlarida xavfsizlik qoidalari tasdiqlanadi
21.08.2019 | kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Geologiya qidiruv ishlarini olib borishda sanoat xavfsizligi sohasini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Geologiya-qidiruv ishlarida xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, ushbu Qoidalar mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, foydali qazilma konlarini izlash-qidirish ishlari va texnik hamda texnologik ehtiyojlar uchun shunga o‘xshash ishlarni olib boruvchi va shunday maqsadlar uchun ilmiy-tekshirish, muhandislik-tadqiqot, loyihalash va konstruktorlik ishlarini olib boruvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun, shuningdek geologiya qidiruv ishlarida qo‘llanuvchi barcha turdagi geologiya-qidiruv asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun majburiydir.

Qoidalarda xavfsizlik choralari ko‘zda tutilmagan geologiya-qidiruv ishlarini va ular bilan birgalikda olib boriladigan ishlarni bajarishda geologiya tashkilotlari ana shunday turdagi ishlarda mehnat muhofazasi bo‘yicha amaldagi me'yoriy hujjatlar (Qoidalar, standartlar, yo‘riqnomalar, me'yorlar yoki ularning bo‘limlari)ga rioya qilishlari kerak.

Korxonalar mehnat muhofazasi xizmatlarini tashkil qiladi, mehnat muhofazasi uchun kerakli mablag‘lar ajratadi, mehnat muhofazasini boshqarishning tashkiliy shakllarini ishlab chiqadi va mehnat muhofazasiga oid masalalarni hisobga olgan holda barcha xodimlarning lavozim majburiyatlarini belgilaydi.
 
Yangi ish turlari va texnologiyalarni joriy qilishda qo‘llaniladigan asbob-usukunalar va texnologik jarayonlarning eksplatatsion va ta'mirlash-texnik hujjatlarida bayon qilingan xavfsizlik talablariga hamda ushbu Qoidalarga asoslangan holda korxonalar, ishlarni bajarishning muayyan sharoitlarini hisobga olgan holda, ishchi kasblari uchun,mehnat muhofazasi bo‘yicha belgilangan tartibda yo‘riqnomalarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va qayta ko‘rib chiqadi.

Boshqa korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan hududlarda amalga   oshiriluvchi barcha turdagi geologiya-qidiruv ishlari va geologik tadqiqotlar o‘sha korxonalar bilan kelishilgan holda o‘tkazilishi lozim.
 
Barcha geologiya-qidiruv ishlari tasdiqlangan hamda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining geologiya-qidiruv ishlari olib borishda sanoat xavfsizligi inspeksiyasi bilan kelishilgan loyihalar asosida olib borilishi kerak.

Yangidan tashkil qilinayotgan korxonalar o‘z faoliyatlarini, faqat belgilangan tartibda beriladigan xavfsizlik sertifikatlari mavjud bo‘lgandagina, amalga oshirishlari mumkin.

Korxonalar har yili, ishlar boshlanishidan kamida bir oy oldin Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining geologiya-qidiruv ishlari olib borishda sanoat xavfsizligi inspeksiyasiga o‘z nazorati ostidagi geologiya-qidiruv obektlari ro‘yxatini taqdim qiladi.

Yangi, shuningdek kapital ta'mirlangan, rekonservatsiya yoki rekonstruksiyadan so‘ng obektlarni ishga tushirish, korxona rahbari tayinlaydigan komissiya tomonidan qabul qilinib tegishli dalolatnoma tuzilganidan so‘ng, amalga oshiriladi.

Barcha geologiya-qidiruv quduqlarni burg‘ilovchi burg‘ilash qurilmalarini, qidiruv shaxtalarining yer yuzasidagi majmualarini, shurflarni va shtolnyalarni qabul qilishda komissiya tarkibida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining geologiya-qidiruv ishlari olib borishda sanoat xavfsizligi inspeksiyasi vakillarining qatnashishi shart.

Obektni qabul qilish haqida inspeksiyaga kamida 5 kun oldin xabardor qilinadi. Ushbu inspeksiya vakili kelmaganda, komissiya obektni foydalanishga topshirishga ruxsat berish huquqiga ega.

Transport vositalariga, tirkamalarga, chanalarga o‘rnatilgan, o‘ziyurar va ko‘chma geologiya-qidiruv (burg‘ilash, geofizik, kon-qazish, gidrogeologik va b.) qurilmalarini ishlatish uchun qabul qilib olish, agar mazkur qurilmalarni bir ish joyidan ikkinchi joyga ko‘chirishda asbob-uskunalarni qayta montaj qilish talab qilinmasa (bosim ostida ishlovchi  liniyalarni o‘zgartirish, yuk ko‘tarish qurilmalarini almashtirish, ishchi o‘tish joylarini o‘zgartirish va h.k.), har bir kapital ta'mirlash va rekonservatsiyadan keyin, dala ishlarini boshlashdan oldin, lekin yiliga kamida bir marta geologiya korxonasi komissiyasining dalolatnomasi bilan rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish inshootlari (turg‘un kompressor stansiyalari, avtogarajlar, mexanika sexlari va h.k.) amaldagi qurilish me'yorlari va qoidalari bilan belgilanadigan tartibda ishga tushirilishi lozim.

Ish joylarini mehnat muhofazasiga oid me'yoriy talablarga muvofiqligi bo‘yicha attestatsiya qilish 5 yilda bir marta va mehnat sharoitlari o‘zgargan holda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Mehnat sharoitlarini baholash va mehnat sharoitlari bo‘yicha ish joylarini attestatsiya qilish uslubiyoti”ga muvofiq o‘tkazilishi kerak.
 
Aholi punktlaridan tashqarida, telefon aloqasi punktlaridan yoki aloqa mavjud bo‘lgan obektlardan 5 km va undan ortiq masofada joylashgan geologiya-qidiruv ishlarining barcha obektlari (yakka burg‘ilash qurilmalari, burg‘ilash, tog‘-kon qidiruv va geofizika ishlari uchastkalari, geologik tasvirlash va izlash partiyalari, otryadlari va h.k.) partiya yoki ekspeditsiya bazasi bilan kechayu-kunduz ishlovchi telefon yoki radio aloqasi bilan ta'minlangan bo‘lishlari kerak.

Ishlar o‘tkazilayotgan obektda doimiy ravishda texnologik yoki navbatchi avtotransport mavjud hollarda, yuqorida ko‘rsatilgan masofa 30 km gacha uzaytirilishi mumkin.

Har bir ish obektida ishchilar uchun ish turlari va sharoitlari bo‘yicha mehnat muhofazasi, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda ogohlantiruvchi va xavfsizlik belgilari bo‘lishi kerak. Zarur yo‘riqnomalar va belgilar ro‘yxati korxona rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.

Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar ishchi-xodimlarga qo‘l qo‘ydirgan holda berilishi yoki ish joylari va uchastkalarda osib qo‘yilishi, yoki barcha ishlovchilar tanishib chiqishlari mumkin bo‘lgan alohida joylarda saqlanishi kerak. Uchastka rahbarida (usta, mexanik, prorab va h.k.) barcha ishchilar tanishib chiqib imzo chekkan amaldagi yo‘riqnomalar to‘plami bo‘lishi kerak.

Ishchilar va mutaxassislar tasdiqlangan me'yorlarga muvofiq maxsus kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan bo‘lishlari va ulardan ish sharoitlariga muvofiq ravishda foydalanishlari kerak.

Shaxsiy himoya vositalarini berish, saqlash va foydalanish “Ishchi va xizmatchilarni maxsus kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

Geologiya korxonalarining rahbar xodimlari va mutaxassislari ishlab chiqarish obektlarida har safar bo‘lganlarida, obektlarning rahbarlari va ish bajaruvchilari tomonidan mehnat muhofazasi bo‘yicha lavozim yo‘riqnomasi, mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomasi talablarining bajarilishini, mehnat muhofazasi ahvolini tekshirishlari va bunda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha bevosita o‘zlari ishtirok etgan holda choralar ko‘rishlari shart.

Tekshiruvchi ishtirokida bartaraf qilinishi mumkin bo‘lmagan kamchiliklar, tekshiruvchi tomonidan har bir obektda bo‘lishi shart bo‘lgan “Mehnatni muhofaza qilish holatini tekshirish jurnali”ga yozib qo‘yiladi.

Odamlarga, inshootlar va mol-mulkka zarar keltiruvchi xavfni sezgan har bir ishlovchi uni bartaraf qilish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishi va bu haqda darhol o‘zining bevosita rahbariga yoki texnik nazorat xodimiga xabar berishga majburdir.

Ish rahbari yoki texnik nazorat xodimi xavfni bartaraf qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart. Xavfni bartaraf qilish mumkin bo‘lmagan hollarda ishni to‘xtatishi, ishlovchilarni xavfsiz joyga olib chiqishi va bu haqda lavozimi o‘zidan yuqori shaxsga xabar qilishi lozim.

Ma'muriyat tomonidan xodimning sog‘lig‘iga yoki hayotiga tahdid soluvchi xavfni bartaraf qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan hollarda xodim, xavf bartaraf qilinguncha ishni to‘xtatish huquqiga ega.

Topshiriq ikki va undan ortiq bo‘lgan xodimlar guruhi tomonidan bajarilganda, ulardan biri ishni xavfsiz bajarish bo‘yicha mas'ul qilib tayinlanishi hamda uning farmoyishlari guruhning barcha a'zolari uchun majburiy hisoblanishi kerak.

Navbat almashib bajariladigan (smenali) ishlar xavfsizligi uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar smenani qabul qilib olish va topshirishda ish joylari va asbob-uskunalarning holatini tekshirishi va bu haqda smenani qabul qilish va topshirish jurnaliga yozib qo‘yishi shart. Smenani qabul qiluvchi, ishlar boshlangunga qadar mavjud nosozlik va kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi lozim.

O‘qotar qurollardan foydalanish va ularni saqlash “O‘qotar qurollar va ularga tegishli o‘q-dorilarni sotib olish, tashish, saqlash, hisobga olish va ulardan foydalanish, tig‘li sovuq qurollarni tayyorlash, o‘q otish tirlari, maxsus o‘q otish joylari va stendlar hamda qurol-yarog‘ ta'mirlaydigan ustaxonalarni ochish, o‘qotish-ovchilik stendlari, qurollar va o‘q-dorilar hamda ov pichoqlari bilan savdo qilish tartiblari to‘g‘risida yo‘riqnoma”ga muvofiq amalga oshiriladi.

Ogohlantiruvchi va yorituvchi raketalarni otuvchi maxsus to‘pponchalardan foydalanish, ularni saqlash va hisobdan chiqarish tartiblari Ichki ishlar vazirligining mahalliy idoralari bilan kelishilgan holda korxona rahbari tomonidan belgilanadi.

Barcha ishlar atrof-muhitni muhofaza qilish haqidagi qonunlarga rioya qilingan holda bajarilishi kerak. Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish jarayonida atrof-muhitga ta'sir etuvchi salbiy oqibatlar mazkur ishlarni bajaruvchi korxonalar tomonidan tugatilishi kerak.

Har bir ish obektida ishlarni bajarishda qo‘llaniladigan barcha kimyoviy reagentlar uchun, ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar bo‘lishi, bu yo‘riqnomalarda odamlar va atrof-muhitni himoya qilish choralari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Agar ish uchastkasida o‘ziyurar geologiya-qidiruv qurilmalaridan va boshqa transport vositalaridan foydalanilayotgan bo‘lsa, ish jarayonida va tanaffuslarda transport vositalari ostida bo‘lish, o‘t-o‘lanlar va butalar orasida hamda boshqa ko‘rinmas joylarda turish yoki dam olish man etiladi.

Alkogol, giyohvandlik yoki toksik moddalar ta'sirida mast bo‘lgan hamda kasal holatdagi shaxslarni ishga qo‘yish man etiladi.

Korxonalar xodimlari O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda va shartlarda baxsiz hodisalar va kasbiy kasalliklardan majburiy ravishda sug‘urta qilinishi lozim.

Ishlovchilarda kasbiy kasallik alomatlari aniqlangan hollarda, ular tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq boshqa ishga o‘tkazilishi zarur.

Baxsiz hodisalar “Ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq tekshirilishi va hisobga olinishi kerak.

Korxonalarda shikastlangan va kasallikka chalingan xodimlarni dala ishlari uchastkalaridan eng yaqin tibbiy muassasalariga olib borish tartibi belgilangan bo‘lishi kerak.