Muqaddasdir Vatan bayrog‘i
18.11.2022 | scis.uz

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.

Davlatimiz, millatimiz iftixori bo‘lmish mustaqil O‘zbekistonning “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligining 31 yilligi barcha davlat idoralarida keng miqyosda nishonlanmoqda. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tizimida ham ushbu sanaga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bugun Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘ktamjon To‘xtaev ishtirokida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzuida ana shunday tadbir tashkil etildi. Tadbir oldidan O‘zbekiston madhiyasi yangradi. O‘ktamjon To‘xtaev “18-noyabr' O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” bilan barchani chin dildan muborakbod etib, davlat ramzlaridan biri bo‘lmish bayroq ranglari haqida tushuntirish berib o‘tdi;

- Bayroqdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.

Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.

Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an'analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi

12 yulduz tasviri ham tarixiy an'analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e'tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.

Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida ifodalanadi.

Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a'zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a'zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha'ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda.

Tinch va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga ishonchimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imiz hamisha hilpirab tursin!