Toshkentda ko‘p qavatli uy qurilish maydonchasida minorali kran qulagani yuzasidan rasmiy munosabat
20.11.2022 | scis.uz

“Podrobno.uz - Новости Узбекистана” yangiliklar agentligi sahifasida  Toshkentda ko‘p qavatli uy qurilish maydonchasida minorali kran qulagani to‘g‘risida xabar e'lon qilindi.

Mazkur holat bo‘yicha Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan joyga chiqqan holda tezkor o‘rganish o‘tkazildi.

Natijada quyidagilar aniqlandi.

"Omega agro srtoy" MChJ qurilish tashkiloti qurilish ob'ektida “Yakka tartibdagi tadbirkor Najimov Rashid"ga tegishli KB-411.04   minora  krani 1998 yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, ijara shartnoma asosida "Omega agro srtoy" MChJ qurilish ob'ektida  ishlatib kelinmoqda. Joriy yilning 19 noyabr kuni chamasi soat 9.00 larda qurilish maydonchasida ishchilar minorali kranning rel's yo‘li ko‘chayotganini ko‘rganlar. Avariya va baxtsiz hodisani oldini olish maqsadida yuk ko‘tarish krani o‘qi (strela)si pastga tushirilib demontaj ishlari  boshlangan. Avtokran  yordamida KB-411.04 minorali kranni maxsus yuk ko‘targichlar bilan ko‘tarish boshlangan paytda  rel's yo‘li cho‘kib  minorali kran yiqilgan.  Qurilish mutasaddilari tomonidan minorali kranga tegishli hujjatlar Buxoro viloyatidan keltirilishi lozimligi sabab qilinib, qo‘mita xodimlariga taqdim etilmadi, kranni ekspluatasiya qilish uchun Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidan tegishli ruxsat  olinmagan.

Ushbu hodisa yuzasidan  Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan tegishli o‘rganish o‘tkazilmoqda.