Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining
2022 yil 1-yarim yilligidagi faoliyati yakunlari tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
2022 yil 13 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘mitaning 2022 yil 1-yarim yilligidagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Xalmatov 2022 yil
1-yarim yilligida qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.
Xususan, nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda 1 692 ta davlat nazorati, 4 305 ta nazorat-profilaktika ishlari o‘tkazilib, 27 010 ta sanoat, radiasiya xavfsizligi talablari va yer osti boyliklaridan foydalanish sohalarida qoida buzilishlar aniqlandi. 22 ta korxonada ishlar vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. 1 521 ta injener-texnik va rahbar xodimlarga 1 186 598 000 so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi 782-son “Sanoat va radiasiya xavfsizligi sohasidagi ayrim faoliyat turlarini lisenziyalashni va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 32 ta lisenziya rasmiylashtirildi.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qo‘mitaga 2 762 ta ariza kelib tushgan. Shulardan 1 711 tasi bo‘yicha ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, 3 604 ta xavfli ishlab chiqarish ob'ektlari Davlat qo‘mitasining yagona reestriga kiritildi.
Davlat qo‘mitasida Istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil topganidan so‘ng hududlardagi mavjud jami 143ta madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan 1879 ta attraksion ko‘zdan kechirildi va ulardan xavfsiz foydalanish talablariga rioya etish holati o‘rganib chiqildi. 574 attraksion vaqtinchalik to‘xtatildi.
116 ta madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritildi.
Attraksionlarga xizmat ko‘rsatuvchi 753 ta xodim maxsus kurslarda o‘qitilib bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 5 ta madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan jami 58 ta attraksion tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshirish jarayonida jami 63 ta qoidabuzarlik aniqlandi.
Mazkur madaniyat va istirohat bog‘laridagi jami 10 ta attraksion ishi vaqtincha to‘xtatildi.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun madaniyat va istirohat bog‘lari rahbarlariga nisbatan ma'muriy javobgarlik qo‘llanildi - jami 7 500 000 so‘m miqdorda jarima solindi.
Davlat qo‘mitasi nazorati ostidagi korxona va tashkilotlarda umumiy 42 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, bulardan 13 tasi o‘lim bilan tugadi (qiyoslash uchun 2021 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 44 va 10 ni tashkil qilgan).
Bu borada qo‘mita tomonidan 28 ta hujjat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar tahlili shuni ko‘rsatdiki,
baxtsiz hodisalar 70 % holatda tashkiliy sabablar, ya'ni ishlab chiqarishda ishlarning to‘g‘ri tashkil etilmaganligi va xodimlarning sanoat xavfsizligi sohasida bilim darajasining pastligi, texnik va texnologik jarayonlarda ishlab chiqarish intizomining pastligi, ish bajaruvchining ehtiyotsizligi yoki tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishi oqibatida; 30% holatda esa texnik sabablar, ya'ni texnik jihozlar va qurilmalarning nosozligi, ularning konstruktiv yangilanmasligi, me'yoriy hujjat va loyiha talablarining buzilishi, texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida Davlat qo‘mitasi tomonidan “mahallabay” ishlash tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'lumot berildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida Yangi hayot tumanining “Choshtepa”, “Yangi Darxon”, “Binokor”, “Gulzor”, “Jaloir”, “Xo‘ja Uchqun” MFYlarda ichki va shox ko‘chalari hamda hovli uylarning bo‘sh turgan yerlarini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 7 340 tup mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, 15 tonnaga yaqin maishiy va qurilish chiqindilaridan tozalandi.
Tumandagi MFYlarda istiqomat qiluvchi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ehtiyojmand oilalarga madaniy xordiq uchun konsert tadbirlari va bolalar ko‘ngil ochar bog‘lariga 92 ta yo‘llanma tarqatildi.
Davlat qo‘mitasi tomonidan “Yangi hayot” tumanida joylashgan 109, 121 va 566-son maktabgacha ta'lim muassasalaridagi gaz jihozlari va uskunalari gaz ta'minotiga ulanishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Anjuman yakunida Qo‘mita xodimlari jurnalistlarning savollariga javob berdilar.