O‘zbekiston Yadro avariyasi to‘g‘risida tezkor xabar berish haqidagi Konvensiyaga qo‘shiladi
26.12.2019 | kun.uz

O‘zbekiston Yadro avariyasi to‘g‘risida tezkor xabar berish haqidagi Konvensiyaga qo‘shilishi mumkin.

Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Hujjat prezidentning 2019 yil 7 fevraldagi PQ-4165 qarori bilan tasdiqlangan “2019-2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 1-bandiga asosan ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi bilan Yadro avariyasi to‘g‘risida tezkor xabar berish haqidagi Konvensiyaga (Vena, 1986 yil 26 sentabr) qo‘shilish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur Konvensiyaning 12-modda 5-bandiga asosan hujjat barcha davlatlar qo‘shilishi uchun ochiq hisoblanadi.

Hozirgi kunda 102 ta davlat Konvensiyaning ishtirokchisi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasini Konvensiyaga qo‘shilishining maqsadga muvofiqligi:

atom energiyasidan foydalanishda yuqori darajadagi xavfsizlikni ta'minlash;

yadroviy avariyalarning oldini olishga va bunday avariyalarning oqibatlarini minimallashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

atom energiyasidan xavfsiz foydalanish va uni rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;

transchegaraviy radiatsiya oqibatlarini minimallashtirish maqsadida davlat tomonidan yadroviy avariyalar to‘g‘risida mavjud ma'lumotlarni tezkor taqdim etilishini ta'minlash;

ushbu sohada ikki tomonlama va ko‘p tomonlama ma'lumot almashish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish bilan belgilanadi.

Konvensiyaga qo‘shilish qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab etmaydi. Konvensiya ishtirokchilarining tarkibi o‘rganilganda davlatlarning aksari (Belarus, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Xitoy, Turkiya, AQSh va boshqalar) hujjatning 11-modda 2-bandiga qo‘shimcha shart bilan (nizolarni hal qilish) qo‘shilgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasini qo‘shilishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan vazirlik va idoralar bilan kelishish natijalariga ko‘ra Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham ushbu taklif kiritilgan.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ushbu Konvensiyaga qo‘shilingan taqdirda yuqorida ko‘rsatilgan qo‘shimcha shart kiritilishi lozim deb hisoblayapti.

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini tahlili mazkur Konvensiyaga qo‘shilish natijasida O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emasligini ko‘rsatgan.