Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi modda bilan to‘ldiriladi
09.01.2020 | kun.uz

“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritiladi.

Muhokama uchun e'lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi mazmundagi 55-1-modda bilan to‘ldiriladi:

 “55-1-modda. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzish

 Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravaridan o‘ttiz besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.”.

260-modda quyidagi tahrirda bayon qilinadi:

“260-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining organlari

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining organlariga ushbu Kodeksning 55, 55-1-moddalarida, 70-moddasida (yer qa'ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi qismida), 97, 97-1, 98-moddalarida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi organlari nomidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima solish tariqasidagi ma'muriy jazo chorasini qo‘llashga quyidagilar haqli:

Davlat qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlari - bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz besh baravarigacha miqdorda;

departament boshlig‘ining o‘rinbosarlari - bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda;

departament boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda;

inspeksiyalarning boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari - bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda;

kon-texnik inspeksiyalarining va hududiy boshqarmalarning boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari - bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravarigacha miqdorda;

davlat inspektorlari - bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda.”.