Chiqindilarni tasniflashning yangi tizimi joriy qilinadi
03.12.2019 | kun.uz

O‘zbekistonda “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bu haqda 2020 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi loyihasida aytilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi PF–5863-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha mo‘ljallangan atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini 2019 – 2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 15-bandida belgilangan.

Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:

  • chiqindilarni tasniflashning beshta xavflilik sinfi o‘rniga sanoat tarmoqlari va/yoki kimyoviy-fizik xossalari asosida tasniflash tizimini joriy qilish;
  • imtiyozli kreditlar taqdim etish orqali chiqitsiz va kam chiqitli texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishni iqtisodiy rag‘batlantirish;
  • tog‘-kon qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishlarning chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni rag‘batlantirish;
  • sanoat chiqindilarining hosil bo‘lishi va ularni ko‘mish hajmlarini kamaytirish uchun tabiatdan foydalanishdagi iqtisodiy mexanizmlarning rag‘batlantiruvchi rolini takomillashtirish;
  • sanoat obektlaridagi xavfli chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz saqlashni tashkil etishni ta'minlash;
  • o‘z iste'mol xususiyatlarini yo‘qotgan va tarkibida xavfli moddalar bo‘lgan tovarlarni (simobli termometrlar, batareykalar, simobli lampalar va boshqalar) yig‘ish, foydalanish va/yoki zararsizlantirish tizimini tashkil etish;
  • tibbiy chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va ko‘mish tizimini tashkil qilish.

Mas'ul ijrochilar - Davlat ekologiya qo‘mitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston ekologik partiyasi. Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2020 yil 1 oktabr, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2020 yil 1 noyabr.