Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamovning Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Sanoatda ishlarni xavfsiz olib borish ustidan davlat nazorati va kon nazorati xizmati boshlig‘i Rahim San'at Aso bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda shuningdek, har ikki tashkilotning sohaviy inspeksiya boshliqlari, sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mas'ullari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Baxtiyor Gulyamov hamda Rahim San'at Aso ushbu do‘stona uchrashuv bundan avval bo‘lib o‘tgan koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilganini aytib, hozirda Tojikiston delegasiyasining Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari sanoat vazirlarining uchrashuvida ishtiroki doirasida norasmiy tarzda tashkil etilganidan mamnun ekanliklarini izhor etdilar.
Baxtiyor Gulyamov sanoat xavfsizligi masalalariga nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham alohida e'tibor qaratilayotganini, bu borada MDH va boshqa xorijiy davlatlar bilan hamkorlik rivojlantirilayotganini ta'kidlab, xususan Tojikiston tomoni bilan sanoat xavfsizligi sohasida Hamkorlik memorandumi imzolanganini va endilikda uni amalga oshirish rejasi imzolanishi kutilayotganini aytdi.
San'at Aso ham o‘z so‘zida Toshkentda bo‘lib turganidan, bu yerda do‘stlari va hamkasblari bilan uchrashish imkoniyatiga ega ekanidan xursand ekanini aytib, sanoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik umuman ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlar hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikka xizmat qilishini, ayniqsa kelishgan holda transchegaraviy masalalarni hal etishda muhim ekanini qayd etdi.
Tomonlar keyingi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida har ikki mamlakatning sanoat xavfsizligi uchun vakolatli tashkilotlari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi sanoat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik Memorandumini bajarish yuzasidan Reja imzolandi.
Tadbir so‘nggida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi nomidan Tojikistonlik mehmonlarga va shunday Tojikistonlik mehmonlar tomonidan davlat qo‘mitasi raisiga esdalik sovg‘alari topshirildi.