Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she'riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she'riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Bugun Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasida Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda shoir va hofiz Shermat Xo‘ja, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zolari Raxmon Xojimurod va shoira Joziba, Bobur halqaro jamg‘armasi xodimi Bahrom Ro‘zmuhammad, inspeksiya xodimlari ishtirok etdilar.
Taklif etilgan mehmonlar Bobur hayoti va ijodi to‘g‘risida gapirdilar, mutafakkir hayotidan qiziqarli ma'lumotlar berdilar.
Shoirning kuy va qo‘shiqlar bastalangan mashhur g‘azallari o‘qildi.