"Jismoniy yadro xavfsizligi madaniyati amalda" mavzusida milliy amaliy seminar o‘tkazildi
06.03.2020 | scis.uz

Joriy yilning 2 - 5 mart kunlari Sanoat xavfsizligi davlat qomitasi tomonidan Atom energiyasi boyicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan birgalikda "Jismoniy yadro xavfsizligi madaniyati amalda" mavzusida milliy amaliy seminar otkazildi.
Tadbir
milliy darajada amalga oshirilayotgan, jismoniy yadroviy xavfsizlik madaniyatini yuqori darajada saqlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni qollab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Dunyoda yadro texnologiyalari keng tarqalib borayotgan bir vaqtda, jahon hamjamiyatini yadroviy falokatlardan va yadroviy terrorizmdan himoya qilish vazifasi tobora dolzarb tus olmoqda.

Yadro xavfsizligining maqsadi radiatsiyaviy va yadroviy avariyalarning oldini olish bo‘lsa, jismoniy yadro xavfsizligining maqsadi yadro texnologiyalariga zarar yetkazilishi yoki ularning o‘g‘irlanishi, yoki yadroviy materiallarning o'g'irlashnishiga olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlarning oldini olishdir.

AEXA 1993-yildan hozirgacha butun dunyo bo‘ylab izotop qurilmalardan ruxsatsiz foydalanish bo‘yicha 560 holatni tasdiqladi. Bunday holatlarga qarshi kurashish maqsadida yadroviy qurilmalardan foydalanuvchi tashkilotlar, tartibga solish organlari va xalqaro tashkilotlar radioaktiv va yadroviy materiallardan foydalanadigan qurilmalarda tegishli jismoniy xavfsizlikni ta'minlashga ko‘proq e'tibor qaratmoqdalar.

Jismoniy yadro xavfsizligi yadro qurollarini tarqatmaslik va yadroviy terrorizm imkoniyatlariga qarshi kurashishning muhim elementi bo‘lib, atom energetikasining xavfsiz rivojlanishiga imkon yaratadi. Yurisdiksiya doirasida tegishli jismoniy yadroviy xavfsizlik tizimini tashkil etish va amalda ta’minlash davlat vakolatiga kiradi.

Bir qator radiatsiyaviy va yadroviy baxtsiz hodisalarning chuqur tahlili shuni ko‘rsatdiki, baxtsiz hodisalarning asosiy sabablaridan biri yadro xavfsizligi madaniyati va jismoniy xavfsizlik madaniyati sohasidagi kamchiliklardir.

Mazkur milliy amaliy seminarning maqsadlari quyidagilardan iborat:

  1. tartibga solish organlari va yadroviy qurilmalar rahbarlari, ularning xodimlari va mutaxassislarining yuqori darajadagi jismoniy yadroviy xavfsizlik madaniyatiga erishishlarini ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash;
  2. atom energiyasidan foydalanish jarayonida potensial xavfdan samarali himoya vositalarining mavjudligini ta'minlash;
  3. yadroviy materiallar, boshqa radioaktiv moddalar yoki tegishli qurilmalarga nisbatan o‘g‘rilik, qo‘poruvchlik, ruxsatsiz foydalanish, noqonuniy joyini o’zgartirish va boshqa jinoiy harakatlarning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashish.

Seminar ishida jismoniy yadro xavfsizligi sohasidagi AEXA ning mas’ul xodim va yetakchi ekspertlari, hamda respublikamiz vazirlik va idoralarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etadi. Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi mutaxassislarining bilim va tajribalarini yaxshilashga qaratilgan ma'ruzalar va muhokamalar, amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu seminar ishtirokchilariga tegishli sertifikatlar topshirish ko‘zda tutilgan.

Seminar natijalari bo‘yicha quyidagilar kutilmoqda:

  • xavfsizlikni ta'minlash uchun mas'ul tashkilotlar uchun va davlat miqiyosida yadroviy va jismoniy xavfsizlik madaniyatini baholash va takomillashtirish;
  • tartibga solish organlari va yadroviy qurilmalarning ishchilarini boshqaruvchilik va yetakchilik fazilatlarini takomillashtirish, bilimlarini oshirish;
  • mamlakatimiz hududida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish.