Yevropa Ittifoqi bilan videouchrashuvlar boʼlib oʼtdi
17.07.2020 | scis.uz

Yevropa Ittifoqining «Milliy huquqiy bazani mustahkamlash va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biologik xavfsizlik va biologik muhofaza boʼyicha ixtisoslashtirilgan oʼquv mashgʼulotlarini oʼtkazish» 53-loyihasi hamda mazkur loyiha doirasida ikkita mobil laboratoriya yetkazib berish va Oʼzbekiston Respublikasining COVID-19ga qarshi kurashish jarayonidagi ehtiyojlarini muhokama qilish boʼyicha YeI vakillari bilan ikkita video uchrashuv oʼtkazildi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʼmitasi, Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar boʼyicha ilgʼor tajriba markazlari Mintaqaviy kotibiyati, Virusologiya instituti, Yevropa Ittifoqi, Bundesver mikrobiologiya instituti (Germaniya), Xalqaro ilmiy-texnik markaz (Qozogʼiston), shuningdek, Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlar milliy koordinatorlari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar boʼyicha ilgʼor tajriba markazlarining Mintaqaviy kotibiyati Bundesver mikrobiologiya instituti tomonidan loyiha doirasida ikkita mobil laboratoriyani yaqin muddatlarda yetkazib berilishiga umid bildirdi.

Oʼz navbatida, Virusologiya instituti vakillari loyiha rahbarlariga mobil laboratoriyalar bilan ishlash uchun oʼquv mashgʼulotlarda hamda COVID-19 bilan bogʼliq laboratoriya ishlarini amalga oshirishda zarur boʼladigan asbob-uskunalarga ehtiyoj toʼgʼrisida maʼlumot berdi.

Shundan soʼng loyiha rahbarlari YeI Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashish uchun 700 000 yevro ajratganini eʼtirof etdi. Milliy koordinatorlar esa mavjud ehtiyojlar haqida soʼz yuritishdi.

Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi milliy koordinatori - Sanoat xavfsizligi davlat qoʼmitasi Kimyoviy va bakteriologik qurollarni taqiqlash toʼgʼrisidagi konventsiyaning bajarilishini nazorat qilish inspektsiyasi boshligʼi Otabek Qosimov oʼzining qisqa hisobotida Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam doirasida Oʼzbekiston Respublikasiga favqulodda va rejali ravishda havo va binolar ochiq yuzalarini muntazam dezinfektsiya qilish uchun impulьsli ksenon lampali ulьtrafiolet uskunalari yetkazib berilishi zarurligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar loyihani tezkor amalga oshirish boʼyicha faol ishlarni davom ettirishga va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Eslatib oʼtamiz, 53-loyiha hamkor mamlakatlarda milliy manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda biologik xavfsizlik va biologik muhofaza masalalarining ahamiyati haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, ushbu masalalar boʼyicha milliy va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yoʼnaltirilgan.