Joriy yil 22 iyun kuni Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasida Inspeksiya boshlig‘i B.Gulyamov boshchiligida Inspeksiya vakillarining AQSH davlat departamenti va Energetika vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida atom energetikasi sohasida ikki tomonlama hamkorlik qilish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kichik modulli reaktorlarni xavfsiz va masʼuliyat bilan qurish uchun salohiyatni oshirishni qo‘llab-quvvatlash, yadro xavfsizligi, xavfsizlik va tarqatmaslik bo‘yicha eng yuqori xalqaro standartlarga muvofiq atom energetikasi dasturini tuzish, barqaror energiya rejalarida keyingi avlod yadro innovatsiyalari va texnologiyalaridan foydalanish, iqlimni himoya qilish, toza, ishonchli energiya maqsadlariga erishish, hukumat, sanoat, milliy laboratoriya va universitet aloqalari orqali munosabatlarni chuqurlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, AQSH delegatsiyasi tomonidan kichik modulli reaktorlar loyihalarini joriy etish sohasida AQSH bilan kelgusidagi hamkorlik doirasida kichik modulli reaktorlarni joylashtirish, litsenziyalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlikni taʼminlashni tartibga solish sohasida Inspeksiya mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish, ushbu sohadagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, maslahatlashuvlar tashkil qilish imkoniyati mavjudligi taʼkidlab o‘tildi.