Sanoat xafsizligi davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Tashkentbaev 
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan MDHga a'zo davlatlarning atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni tartibga solish organlari rahbar xodimlari Kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Mazkur tadbir MDHga a'zo davlatlar atom energiyasidan tinchlik maqsadlarda 
foydalanish Komissiyasining 22-yig‘ilishi doirasida tashkil etildi. Yig‘ilishda 
Armaniston, Belarus, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston 
hamda O‘zbekistondan atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni tartibga solish organlari rahbar xodimlari qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari sohaga doir qator masalalarni ko‘rib chiqdilar, shu jumladan, Kengash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, ikki yilga Kengashning raisi saylandi.

Yig‘ilish kun tartibidan shuningdek, “Atom energiyasidan foydalanish sohasida muvofiqlikni baholash tizimi. Muvofiqlikni nazorat shaklida baholash. Unifikasiyalangan metodikalar. Vizual va o‘lchov nazorat” davlatlararo standartni ishlab chiqish holatini muhokama qilish masalasi o‘rin oldi. Yig‘ilish ishtirokchilari MDH maydonida xavfsizlik madaniyatiga kelishilgan yondashuvlarni joriy qilish sohasida ushbu hujjatning maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqdilar va muhokamalar yakuniga ko‘ra ishlab chiqilayotgan loyiha dolzarbligi ta'kidlandi.

Tadbir doirasida delegasiyalar a'zolari reaktor qurilmali dvigatellarga ega kemalar quriladigan  “Baltiyskiy zavod” AJ korxonasi faoliyati, unda hozirda qurilayotgan ob'ekt “Yakutiya” atom muzyorari bilan tanishdilar, Sharqiy Yevropada elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi Leningrad AESiga tashrif buyurdilar. Ushbu AES Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblastining 50 % energiya iste'molini ta'minlaydi.

Komissiya ishining yakunida uning keyingi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.