Ma'lumki, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PF-5594-son Farmoni bilan tashkil topgan va ushbu Farmon bilan Qo‘mitaning asosiy vazifalaridan biri – xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, soha faoliyatiga taalluqli bo‘lgan xalqaro shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta'minlash deb belgilangan.

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘i Ibrohim Tashkentbaev aynan sanoat va radiasiya xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik natijalari yuzasidan ma'lumot berdi.

Qo‘mita, bugungi kunda sanoat, radiasiyaviy, yadroviy, biologik va kimyoviy xavfsizlik sohalarida imzolangan 4 ta Halqaro Konvensiya, 10 ta Halqaro shartnoma, 2 ta Idoralararo Bitim va 3 ta Memorandum asosida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Rossiya Federatsiyasining Ekologik, texnologik va atom nazorati bo‘yicha federal xizmati, Qirg‘izistonning Davlat ekologiya va iqlim qo‘mitasi, Belorussiyaning Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Kimyoviy qurolni taqiqlash xalqaro tashkiloti, Atom energiyasi bo‘yicha halqaro agentlik (MAGATE), Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati (Evratom), Yevropa Komissiyasining Qo‘shma tadqiqot markazi (YuNIKRI), Amerika Qo‘shma Shtatlarining Energetika vazirligi bilan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, MAGATE bilan hamkorlik 1994 yildan beri olib borilmoqda va bugungi kungacha 30 dan ortiq milliy loyihalar amalga oshirildi va O‘zbekistonga 22 mln yevrodan ortiq moliyaviy yordam ko‘rsatildi, jumladan, 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 1 mln yevrodan ortiq bo‘lgan 4 ta loyiha Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali, “O‘zatom” agentligi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti uchun amalga oshirildi.

Shuningdek, 2022-2023 yillar davrida O‘zbekiston uchun umumiy qiymati 1,5 mln yevroga yaqin bo‘lgan 4 ta loyiha MAGATE tomonidan tasdiqlangan, shu jumladan Andijonda Yadroviy tibbiyot bo‘limini yaratish, radiasiyaviy ob'ektlar va manbalarni samarali tartibga solish va nazorat qilish uchun normativ-huquqiy baza va infratuzilmani mustahkamlash loyihalari.

Shu bilan birga, atom energetikasi va radiasiyaviy va yadro xavfsizligi sohalar uchun kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, MAGATE tomonidan tashkil etilayotgan turli o‘quv tadbirlarda aloqador vazirlik va idoralar vakillari bilim va malakalarini oshirib kelmoqda. 2021 yildan bugungi kungacha 242 ta tadbir, shu jumladan malaka oshirish, o‘qish, trening, mavzu uchrashuvlar va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Shulardan 152 tasida 200 nafardan ortiq O‘zbekiston mutaxassislari on-layn rejimida, 90 tasida esa 100 nafardan ortiq mutaxassislar chet el davlatlarda ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i bilan xavfsiz muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi haqidagi Birlashgan Konvensiyaning  32–moddasiga asosan 2018 yilda O‘zbekiston o‘ziga olgan majburiyat va amalga oshirilgan ishlari yuzasidan birinchi Milliy Hisoboti tinglangan. Shuningdek, Qo‘mita va tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-2020 yillar uchun bo‘lgan davrda amalga oshirilgan va bajarilgan ishlar yuzasidan 2020 yil oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining ikkinchi Milliy Hisoboti tayyorlandi va MAGATEga taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati (Evratom)o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimiga asosan O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini ta'minlash bo‘yicha Qo‘mitaga yuklatilgan majburiyatlar doirasida MAGATE va Yevratomga belgilangan tartibda tegishli ma'lumotlar tayyorlanib taqdim etilmoqda.

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti bilan hamkorlik doirasida ushbu tashkilotga O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va import qilingan maxsus ro‘yxatga kiritilgan kimyoviy moddalar to‘g‘risida yillik ma'lumotlar taqdim etib borilmoqda.

Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadro  xavfsizligi bo‘yicha loyihasi doirasida Ittifoqga kirmaydigan

62 mamlakatlarni kamrab olgan 8 ta mintaqaviy kotibiyatlar tashkil etilgan bo‘lib, Toshkent shaxridagi Markaziy Osiyo uchun kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy xavfsizlik bo‘yicha ilg‘or tajriba markazining Mintaqaviy kotibiyati funksiyasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga yuklatilgan. Yevropa Ittifoqi tashabbusning  asosiy maqsadi — kimyoviy, biologik, radiologik va yadro  xavflarini kamaytirish va xavfsizlikni  boshqarishda hamkor  mamlakatlar va mintaqalarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda 2 ta o‘quv mashg‘ulotlari,

60 ta seminar va uchrashuvlar o‘tkazilib, mutaxassislar kimyoviy, biologik, radiologik va yadro  xavfsizlikni ta'minlash sohasida tajriba va malakasini oshirishdi, Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1 mln yevrolik 2 ta zamonaviy mobil biolaboratoriya beg‘araz yetkazib berildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Energetika vazirligi tomonidan “Foton” AJning reaktorini ekspluatasiyadan chiqarishga va hududini ko‘k maydonchaga aylantirishga moliyaviy texnik yordam ko‘rsatilgan, Davlat bojxona qo‘mitasining 34 ta bojxona postlariga radiasion portal monitorlar o‘rnatilib ishga tushirilgan hamda 4 ta mobil radiasiyaviy nazorat majmualari, 82 ta dozimterik o‘lchov asboblari bilan ta'minlangan.

Kelgusidagi  rejalar bo‘yicha.

Xalqaro hamkorlik doirasida xodimlarimizni rivojlangan davlatlardagi atom elektr stansiyalarga bilim va tajriba orttirish uchun yuborish, MAGATE yordamida xalqaro inspeksiyalarda respublika vakillari ishtirokiga erishish va rivojlangan davlatlarning xavfsizlikni tartibga soluvchi organlari faoliyati bilan tanishib, ularning tajribasini o‘z faoliyatimizga tadbiq etish tadbirlar rejalashtirilgan.

Xususan, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash yo‘nalishida 2022-2023 yillar davrida 8 nafar xodimimizni turli davlatlardagi atom energiyasidan foydalanish ob'ektlarida xavfsizlikni nazorat qilish, joylashtirish, lisenziyalash masalalari bo‘yicha malaka oshirish stajirovkalariga yuborish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, MAGATE bilan hamkorlik doirasida 2024 yilda MAGATE tomonidan Xavfsizlikni tartibga solish bo‘yicha  keng qamrovli tahlil qilish hizmati missiyasi o‘tkazilishi kutilmoqda. Qo‘mita va respublikamizdagi atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni tartibga soluvchi boshqa vakolatli organlar tomonidan ushbu missiyaga tayyorgarlik ishlarini boshlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va Rossiya Federatsiyasining Ekologik, texnologik va atom nazorati bo‘yicha federal xizmati o‘rtasida radiasiya va yadro xavfsizligi sohasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan chora tadbirlar imzolangan bo‘lib unda sohaga oid seminarlar, uchrashuvlar, mutaxassilarning o‘zaro tashrifi kabi tadbirlar rejalashtirilgan.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi doirasida ham ma'lum bir ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, sanoat xavfsizligi sohasida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi 2017-2019 yillarda  Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Sanoat xavfsizligi kengashining Tojikiston, Armaniston va Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, 2020 yildan boshlab a'zo davlat sifatida ishtirok etishni boshladi va ushbu yilda Belarus' Respublikasida, 2021 yilda – Ozarbayjon Respublikasida qatnashdi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan hamda avariya va baxtsiz hodisalarni oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilinib davlatlararo tajriba almashinuviga erishildi.