Navro‘z — yurtimizning go‘zal ayyomi, ezgulik, nafosat timsoli. Navro‘z – pok tuyg‘ular, ulug‘ niyatlar ayyomi. Ulug‘ orzulardan ulug‘ rejalar tug‘iladi. Shu bois ham Navro‘zi olamni barcha birdek intizorlik bilan kutadi.
«Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib borayotganini alohida ta'kidlash lozim. Yurtimizda erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma'naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda» — deb qayd etildi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 134-son qarorida.
Bu yilgi Navro‘z bayrami «Assalom, Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» shiori ostida nishonlanmoqda.
Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida ham mamlakatimizning turli tashkilotlaridagi kabi ushbu bayramga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi Baxtiyor Gulyamov jamoani bayram bilan tabriklab Navro‘z bayramining ahamiyati, ushbu bayramni keng nishonlash uchun yurtimizda bugunda yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtaldi va bayram munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarini oila davrasida, do‘stlar va yaqinlar bilan shukuhli o‘tkazishni tiladi.
Shu bilan birga qo‘mitaning mas'ul rahbarlariga bayram kunlarida aholi yig‘iladigan saylgohlarda tegishli xavfsizlik talablari bajarilishini nazoratga olishlari ko‘rsatib o‘tildi.