Shu kunlarda  Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi «Dubai EXPO — 2020» butunjahon ko‘rgazmasida kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi Ilg‘or tajriba  markazlarining  Markaziy Osiyo bo‘yicha milliy koordinatorlarining navbatdagi 15-uchrashuvi bo‘lib o‘tmokda.

Tadbirda Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi Ilg‘or tajriba  markazlarining  Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy kotibiyati rahbari – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov, O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori Otabek Qosimov ishtirok etmoqda. Uchrashuvda shuningdek, Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy koordinator Nargizaxon Usmanova va ekspert Lela Bakanidze ham qatnashmoqda.

Kun tartibiga muvofiq,  yuqorida ko‘rsatilgan tashabbus doirasida 2020 hamda 2021 yillarda hamkor mamlakatlarning milliy harakat rejalari amalga oshirilishi natijadorligi yuzasidan hisobotlar taqdim etilishi hamda tashabbus doirasida boshqa muhim masalalar muhokamasi  rejalashtirilgan.  

Mintaqalararo hamkorlik doirasida shuningdek, Markaziy Osiyo hamda Fors ko‘rfazi  mamlakatlari hamkorlik kengashining mintaqaviy kotibiyatlar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilishi ham kutilmoqda.