Toshkentda “Markaziy Osiyoda ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda inson salomatligiga bo‘lgan tahdidlarga tayyorgarlik va javob choralari hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa tahdidlar (PRECA)" 87-loyihasi doirasida instruktorlarni tayyorlash bo‘yicha trening va mintaqaviy ishchi guruhlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va Kimyoviy, biologik, radiologik va yadro xavflarini minimallashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi hamda boshqa hamkor xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. Unda loyiha xodimlari, mamlakatimizning ushbu loyihani amalga oshirishga jalb qilingan mas'ul idoralari vakillari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Bel'giya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va Mongoliyadan mutaxassislar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Atish joizki,  87-loyiha ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda aholini salomatligiga tug‘iladigan xavflarning oldini olish va ularga qarshi choralar ko‘rishga mo‘ljallangan. Loyiha 2021-2023 yillarda davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvning ochilishida so‘zga chiqqanlar hozirgi kunda eng dolzarb masalalarning bittasi – biologik xavfni kamaytirish ekanligi, jahonda kuzatilgan koronavirus pandemiyasi bunday tahdidlar oldida davlatlarning ojizligi,  sog‘liqni saqlash tizimlarining kuchsiz tomonlari, bu boradagi imkoniyatlarning qanchalik chegaralanganligini ko‘rsatib qo‘yganini ta'kidlab o‘tdilar.

To‘rt kun davom etadigan uchrashuv va treninglarda 120 dan ziyod ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, ommaviy tadbirlarda aholi salomatligini saqlash, ichimlik suvi va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida bilim va ko‘nikmalar bilan tanishadilar. Yevropa Ittifoqidan kelgan mutaxassislar mavzu doirasida mashg‘ulotlar o‘tkazadilar.