Turkiyaning Istanbul shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) texnik hamkorlik departamenti Yevropa guruhi mamlakatlari milliy muvofiqlashtiruvchilarining texnik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Tashkentbaev ishtirok etdi.

Milliy muvofiqlashtiruvchilarning navbatdagi uchrashuvi mavjud mintaqaviy texnik hamkorlik  loyihalarini ko‘rib chiqish va kelajak uchun loyihalar portfelini shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.

Unda  texnik hamkorlikning  2020-2021 yillar hamda 2022-2023 yillar davrlaridagi amaldagi mintaqaviy loyihalari, shuningdek 2024-2025 yillar davri uchun loyiha konsepsiyalari muhokama qilindi.

Xususan, MAGATE tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida milliy loyihalarini taqdim etgan 6 mamlakat — Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Moldova, O‘zbekiston, Ukrainaga  ushbu loyihalarni Xorvatiya, Ruminiya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya Serbiya, Shimoliy Makedoniya, Estoniya, Slovakiya, Qozog‘iston, Latviya, Polsha, Portugaliya kabi mamlakatlar  ishtirokchi bo‘lgan «Umid nurlari» mintaqaviy loyihasi doirasida amalga oshirilishini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Milliy muvofiqlashtiruvchilarning navbatdagi yig‘ilishi MAGATEga a'zo davlatlarning MAGATE Bosh konferensiyasi doirasida joriy yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi.